The Diplomat nashri xabar berishicha, AQSHning “Gazprombank”ka qarshi joriy qilgan sanksiyalari Olmaliq kon-metallurgiya kombinati (OKMK) uchun muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Kombinatga muqobil moliyalashtirish manbalarini topish qiyin boʻladi, chunki Rossiya banki “Yoshlik” konini kengaytirish loyihasining asosiy kreditori hisoblanadi. OKMK va uning uskunalar yetkazib beruvchilari bank bilan hamkorlikni davom ettirganda ikkilamchi sanksiyalarga duchor boʻlishi mumkin.
“Yoshlik-1” koni 11 ming gektar maydonni egallagan boʻlib, unda 65 million tonna ruda, shuningdek, oltin, mis va molibdenni oʻz ichiga olgan 13 turdagi qimmatbaho metallar zaxiralari mavjud. Loyihani kengaytirish uchun “Gazprombank” va VEB.RF tomonidan yiliga 60 million tonna ruda ishlab chiqarish quvvatiga ega uchinchi mis boyitish fabrikasi (MOF-3) qurilishi uchun 4,8 milliard dollarlik loyihaga 2 milliard dollar miqdorida kredit ajratilgan.
Loyiha 2026-yilda yakunlanib, mis va oltin ishlab chiqarishni sezilarli darajada oshirishi kerak edi. Biroq soʻnggi yillarda loyihaga Britaniya va Germaniya kompaniyalari ham qiziqish bildirmoqda. 2024-yil sentyabr oyida Germaniya banklari konsorsiumi kombinatga 144 million yevro miqdorida transh ajratdi.
OKMK Oʻzbekistonda rangli, nodir va qimmatbaho metallarni qazib olish boʻyicha yetakchi korxona hisoblanadi, uning mamlakat sanoat ishlab chiqarishidagi ulushi 5 foizni tashkil etadi. Kombinat tizimida 35 mingga yaqin kishi mehnat qilmoqda.