Oʻzbek qiziqchisi va aktrisasi Halima Ibrohimova hayotdan koʻz yumdi.

Aktrisaning vafoti haqida aktyor va uning hamkasbi Ulugʻbek Xolmedov xabar berdi.

Halima Ibrohimova 1979-yilda tugʻilgan. U Toshkent davlat sanʼat institutining aktyorlik mahorati va dramatik sanʼat fakultetini tamomlagan.

Aktrisa koʻp yillar davomida Mirzabek Xolmedov rahbarligidagi teatr-studiyada faoliyat yuritgan. Shuningdek, u kinofilmlarda turli rollarni ijro etgan.

U komediya parodiyalari va koʻrsatuvlardagi ishtiroki tufayli mashhurlikka erishgan. Halimaxon turmush qurib, ikki farzand — oʻgʻil va qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. U 45 yoshda edi.

25-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda aktrisaning ogʻir xastalikka chalingani haqida xabar tarqalgan edi.

Hozircha oʻlim sababi nomaʼlum.