Zamonaviy ish dunyosida doimiy bandlik va ortiqcha yuklamalar bilan maqtanish yuqori samaradorlikdan dalolat beradi, degan yanglish tasavvur tez-tez uchraydi. Biroq, bu har doim ham shunday emas. Natijaviylik bilan birga kelmagan haddan tashqari bandlik faqat ayrim xodimlarga ham, butun jamoaga ham zarar yetkazuvchi zaharli mahsuldorlik madaniyatini qoʻllab-quvvatlaydi, xolos.
Ortiqcha yuklamalar nima uchun samarasiz?
Sifatga emas, miqdorga eʼtibor qaratish. Oʻz ahamiyatini ortiqcha yuklamalar orqali koʻrsatishga intiluvchi xodimlar koʻpincha katta hajmdagi vazifalarni bajarishga diqqatini qaratib, ularning sifatini yoʻqotib qoʻyadilar. Bu esa natijaning umumiy mahsuldorligi va qiymatining pasayishiga olib keladi.
Koʻp vazifalilik — diqqatning dushmani. Vazifalar oʻrtasida doimiy oʻtib turish moslashishga vaqt yoʻqotish tufayli samaradorlikni pasaytiradi va ishlarni yuzaki bajarishga sabab boʻladi.
Resurslarni notoʻgʻri taqsimlash. Oʻz imkoniyatlariga ortiqcha baho berish va vazifalarni boshqalarga topshirishni istamaslik hissiy va jismoniy holdan toyishga olib keladi.
Ortiqcha yuklama namoyishi nima uchun gʻashga tegadi?
Zaharli muhitni yaratish. Ish bilan bandlikdan doimiy shikoyat qilish hamkasblarning jahlini chiqaradi, jamoadagi muhitni buzadi va stress hissini yuqtiradi.
Ishonchning pasayishi. Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, ortiqcha yuklama haqidagi gaplar malakasizlik belgisi sifatida qabul qilinadi, xotirjam va ishonchli muloqot esa koʻproq ishonch va hurmat uygʻotadi.
Boshqalar mehnatining qadrsizlanishi. Vazifalarni oʻz vaqtida va osoyishta bajarayotgan xodimlar hamkasblari tomonidan ortiqcha yuklamaning ommaviy namoyish etilishi tufayli oʻz hissalarining qadrsizlanishini his qilishlari mumkin.
Samaradorlik illyuziyasidan qanday qutulish mumkin?
Haqiqiy mahsuldorligingizni baholang. Har bir vazifani bajarishga qancha vaqt ketishini yozing va qayerda yaxshilanish mumkinligini aniqlang.
“Yoʻq” deyishni oʻrganing. Imkoniyatingizdan tashqari qoʻshimcha vazifalardan voz keching.
Ustuvorliklarni belgilang. Asosiy vazifalarni aniqlab, koʻp vazifalilik tartibsizligidan qochib, ularga eʼtibor qarating.
Muvozanatni saqlang. Dam olish va qiziqishlaringiz uchun vaqt ajrating. Tadqiqotlar shuni tasdiqlaydiki, toʻlaqonli uyqu va muntazam tanaffuslar ish samaradorligini oshiradi.
Samaradorlik illyuziyasi ishning haqiqatan ham muhim jihatlariga eʼtibor qaratishga xalaqit beradi. Ortiqcha yuklamalarda bellashish oʻrniga kuchlarni ustuvor vazifalarni bajarishga va kasbiy koʻnikmalarni rivojlantirishga yoʻnaltirgan maʼqul. “Oʻzini yeyishga” emas, balki sifatli ishlash qobiliyati nafaqat muvaffaqiyat garovi, balki salomatlik va farovonlikni saqlash kalitiga aylanadi.