Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdoʻgʻon hozirgi kunda oʻzi va Rossiya rahbari Vladimir Putin yagona jahon yetakchilari ekanini maʼlum qildi. Gaziantepdagi yoshlar oldida soʻzlagan nutqida u ikkalasi ham yigirma yildan ortiq vaqt davomida hokimiyat tepasida turganini va jahon siyosatiga taʼsir koʻrsatishda davom etayotganini taʼkidladi, deb xabar bermoqda mahalliy ommaviy axborot vositalari.
“Biz jahon yetakchilari orasida ikkimiz qoldik. Men 22 yildan beri hokimiyatdaman, Putin ham deyarli shuncha. Umid qilamanki, biz samarali muloqotni davom ettira olamiz”, — dedi Erdoʻgʻon.
Bundan tashqari, Turkiya prezidenti Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkelni tilga olib, uning ketishi bilan “Germaniyadagi siyosat tugaganini” aytdi. Erdoʻgʻon, shuningdek, Gerxard Shrederni alohida taʼkidlab, uni buyuk siyosatchi deb atadi va Turkiyada shu darajadagi siyosatchilar paydo boʻlishini istayotganini bildirdi.