Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi maʼlum qilishicha, Mark Julian Treynor Oʻzbekistonda Yangi Zelandiyaning yangi elchisi etib tayinlandi.
Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan uchrashuvda tomonlar qishloq xoʻjaligi, yashil moliyalashtirish va sanoat sohalaridagi hamkorlik masalalarini koʻrib chiqdilar. TIV rahbari diplomatni yangi lavozim bilan tabriklab, ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirishda tashqi siyosat idoralarining oʻrni muhimligini taʼkidladi.
Bundan oldin elchi lavozimini taxminan bir yil davomida Sara Meri Uolsh egallab kelgan edi. Ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda oʻrnatilgan. Yangi Zelandiya fuqarolari Oʻzbekistonga 30 kungacha vizasiz tashrif buyurishlari mumkin, Oʻzbekiston fuqarolari uchun esa Yangi Zelandiyaga borish uchun viza talab etiladi.