Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqidan bojsiz eksport uchun imtiyozlarni yana 10 yilga uzaytirishni soʻradi

O‘zbekiston

Oʻzbekiston Moliya vazirligi GSP+ savdo imtiyozlarini muhokama qilish maqsadida Bryusselda Yevropa Ittifoqi guruhi bilan yigʻilish oʻtkazdi. Oʻzbekiston tomoni respublikaning eksport salohiyatini yanada rivojlantirish uchun imtiyozlar tizimining amal qilish muddatini 10 yilga uzaytirishni taklif etdi.

Foto: Aleksey Vitvitskiy / RIA Novosti

4-5-dekabr kunlari Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi ilk bor GSP+ Imtiyozlarning umumiy tizimini amalga oshirish masalalariga bagʻishlangan Yevropa Ittifoqi ishchi guruhining Bryusseldagi yigʻilishida ishtirok etdi.

GSP+ (Generalised Scheme of Preferences Plus) — Yevropa Ittifoqi tomonidan rivojlanayotgan mamlakatlarga taqdim etiladigan savdo imtiyozlari tizimi hisoblanadi. U ushbu mamlakatlarga Yevropa Ittifoqi bozoriga imtiyozli shartlar asosida kirish imkonini beradi. Mazkur tizim doirasida muayyan tovarlar bojxona toʻlovlaridan toʻliq ozod etilishi yoki pasaytirilgan tariflarga tortilishi mumkin.

Oʻzbekiston vakillari 2021-yilda respublika benefitsiar maqomini olganidan buyon GSP+ doirasida amalga oshirilgan ishlar natijalarini taqdim etdi.

Shu vaqt mobaynida Oʻzbekistondan Yevropa Ittifoqiga eksport hajmi deyarli uch barobarga oshib, 1,15 milliard dollarga yetdi. Hozirda Yevropa Ittifoqiga 6200 tovar toifasidan 1100 dan ortigʻi, jumladan qishloq xoʻjaligi, toʻqimachilik, elektrotexnika va kimyo mahsulotlari yetkazib berilmoqda.

Oʻzbekiston eksport salohiyatini yanada rivojlantirish uchun quyidagilarni taklif etmoqda:

  • Yevropa Ittifoqiga bojsiz eksport qilinishi mumkin boʻlgan tovarlar roʻyxatini kengaytirish, unga yangi sabzavot va mevalarni kiritish;

  • yetkazib berishning barqarorligini taʼminlash uchun mavsumiy eksport kvotalarini qayta koʻrib chiqish;

  • erishilgan natijalarni saqlab qolish va Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida GSP+ imtiyozlar tizimining amal qilish muddatini 10 yilga uzaytirish.

Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekiston tovarlarining Yevropa bozoriga kirish sharoitlarini yaxshilash masalalarini muhokama qildilar: metall prokati uchun import kvotalarini qayta koʻrib chiqish va mahsulotlarni Yevropa standartlariga moslashtirish uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan texnik yordam jalb etish.

2021-yil aprel oyida Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqining maxsus imtiyozlar tizimining toʻlaqonli ishtirokchisiga aylandi. GSP+ Yevropa Ittifoqi va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdoni rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar taqdim etadi, chunki u mato, kiyim-kechak va plastmassa mahsulotlari kabi bir qator muhim eksport tovarlariga bojxona toʻlovlarini bekor qiladi.

Ilgari Oʻzbekiston Yevropa Ittifoqiga 3000 ta tovarni bojsiz va 3200 ta tovarni pasaytirilgan stavkalarda eksport qilish imkonini beruvchi GSP tizimidan foydalangan edi. GSP+ doirasida esa 6200 dan ortiq tovarni bojsiz olib kirish mumkin.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.