Tolibon AQSHni Doha bitimi shartlarini buzganlikda ayblamoqda

Dunyo

Tolibonning Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Suhayl Shohin Qoʻshma Shtatlarni 2020-yilda imzolangan Doha kelishuvining asosiy bandlarini bajarmaganlikda aybladi. Uning taʼkidlashicha, Amerikaning Afgʻonistonga qarshi sanksiyalari oʻz kuchida qolmoqda va harakat yetakchilarini qora roʻyxatdan chiqarish boʻyicha majburiyatlar bajarilmagan.

“Tolibon” harakatining Qatardagi siyosiy idorasi rahbari Suhayl Shohin Tolo News portaliga bergan intervyusida AQSH Afgʻonistondagi vaziyatni tartibga solish boʻyicha Dohadagi kelishuvda belgilangan majburiyatlarni bajarmaganini aytdi.

Shohinning taʼkidlashicha, “Afgʻoniston Islom Amirligi”ning bir qator siyosiy yetakchilari shartnoma imzolangandan keyin uch oy ichida Amerikaning qora roʻyxatidan chiqarilishi kerak edi. Biroq, uning soʻzlariga koʻra, bu chora-tadbirlar haligacha amalga oshirilmagan.

Bundan tashqari, AQSH Afgʻonistonni tiklashda ishtirok etishga va boshqa mamlakatlarni shunga oʻxshash harakatlarga undashga vaʼda berdi. Biroq, Shohin taʼkidlaganidek, Afgʻonistonga qarshi sanksiyalar hali ham oʻz kuchida va bu sohada hech qanday taraqqiyot yoʻq.

Tolibonning Qatardagi siyosiy vakolatxonasi Afgʻoniston va xalqaro hamjamiyat oʻrtasidagi aloqa markazi vazifasini bajarishda davom etmoqda. Shohinning soʻzlariga koʻra, u harakatning pozitsiyasini tushuntirish va ularni hamkorlikka ragʻbatlantirish uchun xorijiy delegatsiyalar, shu jumladan Yevropa mamlakatlari vakillari bilan muntazam uchrashib turadi. Elchilarning ayrimlari allaqachon Afgʻonistonga tashrif buyurib, mahalliy amaldorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazgan.

Mavzuga oid materiallar