Rossiyada terroristik tashkilotlar migrantlarni jalb qilishni kuchaytirgani maʼlum qilindi

Dunyo

FXX Markaziy Osiyolik muhojirlarni Rossiyada yacheykalar tashkil etish uchun yollayotgan terroristik tashkilotlar faollashganini bildirdi. Rossiya hukumati vakillarining aytishicha, Gʻarb maxsus xizmatlari mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirish, noroziliklar va etnik mojarolarni keltirib chiqarish maqsadida migratsiyadan foydalanmoqda.

Xalqaro terroristik tashkilotlar Rossiya hududida yacheykalar tashkil etish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan muhojirlarni jalb qilish boʻyicha faoliyatini kuchaytirdi. Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov xabar berdi.

U terrorchilar qamoqxonalardagi mahkumlarni ham oʻz faoliyatlariga jalb qilayotganini taʼkidladi.

Uning soʻzlariga koʻra, Gʻarb maxsus xizmatlari etnik-diniy xususiyatlarga ega hududlarda norozilik namoyishlari va ommaviy tartibsizliklarni qoʻzgʻatish orqali keskinlik oʻchoqlarini yaratishga intilmoqda, bu esa terrorist hujumlarga olib kelishi mumkin.

Davlat dumasi deputati Andrey Lugovoy migratsiya beqarorlashtirish vositasi sifatida qoʻllanilayotganini taʼkidladi: migrantlarga Rossiyaga kirish uchun koʻmak berilmoqda, noqonuniy kanallar yaratilmoqda va radikallar jamiyatga singdirilmoqda. Lugovoyning maʼlumotlariga koʻra, 2022-yilda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga qarshi qaratilgan migratsiya loyihalari uchun 225 million rubldan ortiq mablagʻ ajratgan.

Ushbu tahdidlar fonida “Завтра” gazetasi bosh muharriri Aleksandr Proxanov Markaziy Osiyo, Kavkaz davlatlari va KXSHT Suriyadagi va Tojikistonning Afgʻoniston bilan chegarasidagi beqarorlikni hisobga olgan holda terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashga tayyorgarlikni kuchaytirishi zarurligini taʼkidladi.

Mavzuga oid materiallar