Oʻzbekiston Boshqirdiston bilan savdo aylanmasi hajmini oshirdi

O‘zbekiston

Oʻzbekiston va Boshqirdiston oʻrtasidagi savdo aylanmasi 29 foizga oʻsdi. Oʻzbekiston Respublikasi savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha eng yaxshi oʻntalikka kiradi.

Foto: Vaziyatga oid / Salavat Yulayev haykali, Ufa

2024-yilning 9 oyi davomida Oʻzbekiston va Boshqirdiston oʻrtasidagi savdo aylanmasi 29 foizga oshdi. Bu haqda Boshqirdiston tashqi iqtisodiy aloqalar va kongress faoliyati vazirining birinchi oʻrinbosari Lena Izotova Sputnik Oʻzbekiston xalqaro matbuot markazida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha eng yaxshi oʻntalikka kiradi (7-oʻrin, Boshqirdiston tashqi savdo aylanmasining 4,5 foizi).

“Boshqirdiston Respublikasidan Oʻzbekistonga eksport 20 foizga, import esa 67 foizga oshdi. Bu qiziqish mavjudligini koʻrsatmoqda”, — dedi u.

Izotova, shuningdek, Boshqirdiston Oʻzbekiston bilan toʻqimachilik sanoatida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanligini taʼkidladi.

U Namangan viloyatidagi ishlab chiqaruvchilar Ufa shahrida oʻtkazilgan Xalqaro biznes haftaligida ishtirok etganlarini aytdi. Ular erkaklar kostyumlari bilan oʻz stendlarini namoyish etishdi.

“Sifat yaxshi ekanligini koʻrib turibmiz va bu soha rivojlanishda davom etishiga, shuningdek, yangi hamkorlik imkoniyatlarini topishimizga umid qilamiz”, — deya qoʻshimcha qildi boshqirdistonlik spiker.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning may oyida Moskva shahrida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi. Tomonlar oʻzaro savdo aylanmasi oʻsganini qayd etib, bu yoʻnalishda oʻsishni davom ettirish istagini bildirgan.

Mavzuga oid materiallar