Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga yil oxirigacha nogironligi bor shaxslar uchun bittadan koʻcha yaratishni topshirgani haqida davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Mirziyoyev ijtimoiy himoya masalalariga bagʻishlangan yigʻilishda shunday topshiriq berdi.
Davlat rahbari Andijon, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida imkoniyati cheklangan oʻzbekistonliklar uchun koʻchalar yaratish ishlari olib borilayotganini taʼkidladi.
Biroq, mamlakatning boshqa hududlarida bunday ishlar hali boshlanmagan yoki bunga mablagʻ ajratilmagan. Mirziyoyev 2025-yilda hokimlar nogironligi bor shaxslar uchun yana bittadan koʻcha yaratishi lozimligini qoʻshimcha qildi.