Toshkent viloyatining tuman va shahar sektorlari rahbarlari Boʻstonliq tumanidagi sayyohlik majmualariga tashrif buyurishdi. Ularga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev hamrohlik qildi. Ushbu tashrif 10-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida boshlangan oʻquv-amaliy seminar doirasida amalga oshirildi. Seminar davlat rahbarining Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasidagi nutqlarida koʻtarilgan masalalarni, shuningdek, 2025-yilning “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan belgilangan vazifalarni chuqur oʻrganish maqsadida tashkil etilgan edi.
Seminarda ekoturizmni rivojlantirish, zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish masalalari muhokama qilindi. Ekologiya vaziri va Turizm qoʻmitasi raisi tumanda sayyohlik infratuzilmasini yaxshilash, yangi sayyohlik mahsulotlarini yoʻlga qoʻyish va zamonaviy sayyohlik hududlarini tashkil etish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar haqida maʼlumot berdi.
Hokimlar “Ugam River”, “Chorvoq darvozasi” majmualari, “Chinorkent” osmonoʻtar yoʻli va “Kapsula” uylari kabi sayyohlik maskanlarini borib koʻrdilar, loyihalar bilan tanishdilar va oʻzlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.