Oliy maʼlumotsiz sobiq futbolchi Mixail Kavelashvili Gruziya prezidenti etib saylandi. Saylov komissiyasining 224 aʼzosi uni qoʻllab-quvvatladi.
Ovoz berish mamlakat parlamentida mahalliy vaqt bilan soat 9:00 dan 14:00 gacha davom etdi. Saylovda Saylov hayʼatining 300 nafar aʼzosidan 225 nafari ishtirok etdi. Bitta byulleten haqiqiy emas deb topildi.
Gruziyada prezident saylovi ilk bor saylovchilar ishtirokisiz oʻtkazildi. Davlat rahbarini hukmron partiya nazoratidagi saylovchilar hayʼati belgiladi. Muxolifat yangi saylovlarni tan olmayapti va parlamentga qayta saylov oʻtkazishni talab qilmoqda.
Gruziya parlament saylovi oktyabr oyi oxirida boʻlib oʻtdi. Mamlakat Markaziy saylov komissiyasi unda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi gʻalaba qozonganini eʼlon qildi. Muxolifat partiyalari saylov natijalarini soxtalashtirilgan deb eʼlon qilishdi va tan olishdan bosh tortishdi. Mustaqil ekspertlar ham saylovlarni soxtalashtirish belgilari mavjudligi haqida xabar berishdi. Mamlakatda ommaviy norozilik namoyishlari boshlandi.
Mixail Kavelashvili — Gruziya terma jamoasi hamda “Dinamo” (Tbilisi), “Manchester Siti” va “Spartak–Alaniya” klublarida hujumchi lavozimida oʻynagan sobiq futbolchi. U sportdagi faoliyatini 2006-yilda yakunlagan.
2022-yilda Kavelashvili parlament deputati boʻlgan va “Gruziya orzusi”dan chiqib ketgan. Boshqa deputatlar bilan birgalikda u “Xalq kuchi” harakatiga asos soldi, bu harakat parlament guruhini shakllantirdi va parlamentdagi koʻpchilik tarkibiga kirdi. Ushbu guruh Gʻarbga qarshi bayonotlar bilan chiqdi. 2023-yilda u jamoatchilik eʼtiroziga sabab boʻlgan chet el agentlari toʻgʻrisidagi qonun loyihasini ilgari surdi. 2023-yilda qonun loyihasi jamoatchilik bosimi tufayli qaytarib olingan boʻlsada, 2024-yilda noroziliklarga qaramay, qabul qilindi. Bu Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish jarayonini toʻxtatib qoʻyishga olib keldi.
2024-yilda “Xalq kuchi” siyosiy partiyaga aylandi va Kavelashvili uning siyosiy kotibi lavozimini egalladi. 2024-yilgi parlament saylovlarida u “Gruziya orzusi” partiya roʻyxati boʻyicha nomzod boʻldi, bu roʻyxatda “Xalq kuchi”dan nomzodlar ham ishtirok etdi.
2016 va 2020-yillarda Kavelashvili “Gruziya orzusi” partiyasidan Gruziya parlamentiga saylangan. 2022-yil iyun oyida u boshqa bir necha deputat bilan birga “Gruziya orzusi”ni tark etib, “Xalq kuchi” siyosiy harakatiga asos soldi. 2024-yilda bu harakat partiyaga aylantirildi. “Xalq kuchi” “Gruziya orzusi”ning hamkoriga aylandi.
XI chaqiriq parlament saylovlarida “Xalq kuchi” vakillari “Gruziya orzusi” partiya roʻyxati boʻyicha parlamentga kirib bordi.
“Gruziya orzusi” uni 2024-yil 27-noyabrda prezidentlikka nomzod qilib koʻrsatdi. Partiyaning asoschisi va faxriy raisi, tadbirkor Bidzina Ivanishvili nomzodni taqdim etar ekan, uning sport sohasidagi yutuqlarini tilga oldi va “Kavelashvili oʻzining siyosiy faoliyatini boshlashdan oldin ham mamlakat uchun muhim boʻlgan barcha masalalarda oʻzining prinsipial pozitsiyasini doimo murosasiz ifoda etganini” taʼkidladi.
“U oʻz tabiatiga koʻra, agar xohlasangiz, oʻz feʼl-atvoriga koʻra — gruzin erkaklarining eng yaxshi timsoli. U ajoyib turmush oʻrtogʻi va toʻrt farzandning otasi”, — dedi Ivanishvili.
Avvalroq xabar qilinganidek, AQSH hukumati demokratik meʼyorlarni buzganlikda ayblanib, Gruziyada 20 ga yaqin kishiga, jumladan, yuqori lavozimli amaldorlar va qonun chiqaruvchilarga nisbatan viza cheklovlari joriy qilmoqda, shuningdek, qoʻshimcha sanksiyalar tayyorlamoqda.