Asad Bashar Suriyadan qochishidan soʻng ilk bor bayonot berdi

Dunyo

Suriyaning lavozimidan agʻdarilgan prezidenti Bashar Asadning idorasi u qochganidan keyin ilk bayonotini eʼlon qildi. Sobiq Suriya prezidenti “Suriyadan chiqib ketishi oldindan rejalashtirilmaganini va janglarning soʻnggi daqiqalarida yuz bermaganini” taʼkidladi.

Suriyaning lavozimidan agʻdarilgan prezidenti Bashar Asadning idorasi u qochganidan keyin ilk bayonotini eʼlon qildi. Asadning Telegram-kanalidagi hujjatning maʼlumotlarida u Moskvada yozilgani koʻrsatilgan.

Sobiq Suriya prezidenti “Suriyadan chiqib ketishi oldindan rejalashtirilmaganini va janglarning soʻnggi daqiqalarida yuz bermaganini” taʼkidladi. Asadning aytishicha, u Damashqda “8-dekabr yakshanba kunining boshlanishigacha” qolgan, keyin esa “harbiy operatsiyalarni kuzatish uchun” Latakiyaga yoʻl olgan. U yerda Rossiyaning Xmeymim harbiy aviabazasi joylashgan.

U oʻsha kuni bazaga qoʻzgʻolonchilarning uchuvchisiz apparatlari hujum qilgani va hukumat qoʻshinlari pozitsiyalari qulagan, deb aytdi. Suriyaning sobiq prezidenti 8-dekabr kuni kechqurun aynan Moskva undan mamlakatni tark etishni soʻraganini taʼkidlamoqda.

“Bu voqealar paytida men hech qachon isteʼfoga chiqish yoki boshpana izlash haqida oʻylamaganman va hech bir shaxs yoki partiya menga buni taklif qilmagan. Yagona yoʻl terrorchilik hujumiga qarshi kurashni davom ettirish edi”, — deyiladi Asadning bayonotida.

Yakunida u “Suriya bilan chuqur aloqani his qilishini” va mamlakat “yana ozod boʻlishiga” umid qilishini aytdi.

Reuters manbalari maʼlumotlariga koʻra, agʻdarilishdan bir kun oldin, 7-dekabr kuni, Asad oʻz atrofidagilarga Rossiya yordami allaqachon yoʻlda ekanini aytgan va hukumat qoʻshinlarini “bardosh berishga” chaqirgan. Mamlakatdan qochish rejalaridan hatto sobiq prezidentning aka-ukalari ham bexabar edi. Uning samolyoti Damashqdan Xmeymimga transponderini oʻchirgan holda uchib ketgan.

16-dekabr kuni “Financial Times” gazetasi oʻz manbalariga tayanib, 2018 va 2019-yillarda Suriya hukumati Moskvaga 250 million dollarga yaqin naqd pul joʻnatganini xabar qildi. Jurnalistlarning yozishicha, bu pullarning umumiy ogʻirligi ikki tonnadan ortiq. Nashr maʼlumotlariga koʻra, mablagʻlarning bir qismi Asad oilasining shaxsiy ehtiyojlari uchun moʻljallangan.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.