Toshkentda Halal Auto Leasing rahbariyati tergov ostida qoldi: kompaniya ofisi muhrlandi

O‘zbekiston

Toshkentdagi “Halal Auto Leasing kompany” MCHJsi firibgarlikda gumonlanmoqda. Kompaniya “islomiy tamoyillar”ga tayanib, qulay shartlarda avtomobillar vaʼda qilgan, ammo koʻp oʻtmay faoliyatini toʻxtatgan. Jabrlanuvchilar millionlab mablagʻlaridan ayrilgan, firma rahbariyati esa tergov ostiga olingan.

“Halal Auto Leasing kompany” MCHJ rahbarlari tergovga jalb etildi va kompaniya faoliyati toʻxtatildi. Toshkentdagi firma ofisi IIV Tergov departamenti tomonidan muhrlandi, deya xabar bermoqda Kun.uz.

Kompaniya mijozlarga avtomobillarni 20 foiz boshlangʻich toʻlov va 7 foiz yillik foiz stavkasi bilan sotib olishni taklif qilgan, toʻgʻridan-toʻgʻri avtomobil zavodlari, jumladan Xitoy zavodlari bilan hamkorlik qilishini taʼkidlagan. Firma xodimlari ularning faoliyati “islomiy moliyaviy tamoyillar”ga mos kelishini va past foizli xorijiy investitsiyalar hisobiga amalga oshirilishini maʼlum qilishgan. Biroq kompaniya roʻyxatdan oʻtganidan atigi 16 kun oʻtib, uning rahbariyatiga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatilgan.

2024-yil 31-oktyabr kuni IIV Tergov departamenti tomonidan tergov-surishtiruv ishlari boshlangan, 5-dekabr kuni esa kompaniya ofisi muhrlangan. Kun.uz jurnalistlari maʼlumotlariga koʻra, kompaniya qisqa vaqt ichida mijozlar bilan 100 dan ortiq shartnoma tuzgan.

Jabrlanuvchilar orasida Andijon tumanida yashovchi, ikkita Damas avtomobili uchun 43 million soʻm toʻlagan, ammo bir necha kundan beri firma bilan bogʻlana olmayotgan fuqaro ham bor. Samarqandlik yana bir jabrlanuvchi Kia Sonet sotib olish uchun 50 million soʻm toʻlagan, biroq kompaniya xodimlari gʻoyib boʻlgan.

Ishni tergovchi Shahriddin Hojimurodov olib bormoqda, uning aloqa maʼlumotlari idorani muhrlovchi hujjatda koʻrsatilgan. Biroq IIV hozircha bu holat yuzasidan qoʻshimcha izoh bermayapti.

Kun.uz avvalroq kompaniyaning shubhali faoliyati haqida ogohlantirgan edi, biroq yuzlab odamlar firibgarlik sxemasi qurboniga aylangan boʻlishi mumkin.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.