Oʻzbekiston atom energetikasi agentligi direktori Azim Axmedxojayev “Report”ga bergan intervyusida Jizzax viloyatidagi kichik atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasiga turli mamlakatlardan kompaniyalar jalb qilinishini aytdi.
Bosh pudratchi sifatida Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi qatnashadi. Ishlarning bir qismi Oʻzbekiston kompaniyalari tomonidan bajariladi. Biroq AES qurilishi faqat Rossiya-Oʻzbekiston loyihasi boʻlib qolmaydi.
Axmedxojayevning soʻzlariga koʻra, boshqa mamlakatlar kompaniyalari infratuzilma, mashinasozlik obyektlari va xizmat koʻrsatish inshootlari qurilishi bilan shugʻullanishi mumkin.
Bosh pudratchini tanlashda mutaxassislar siyosiy emas, balki ishonchlilik va xavfsizlik mezonlariga asoslangan. “Rosatom” kichik AESlar uchun eng yaxshi yechimlarni taklif qildi va yetarli tajribaga ega ekanligini namoyish etdi, deb taʼkidladi u.
Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston va Rossiya davlat korporatsiyasi Rossiya va uning atom sanoatiga qarshi xalqaro sanksiyalar tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, barcha kelishuvlarni bajarish niyatida.
Shu bilan birga, Oʻzbekiston boshqa mamlakatlar kompaniyalari bilan hamkorlikdan voz kechmasligi taʼkidlanmoqda. Atom energetikasi agentligi Yaponiya, AQSH va Janubiy Koreyada yadro texnologiyalari rivojlanishini kuzatib bormoqda. U pudratchilarni diversifikatsiya qilishga va AES qurilishini xalqaro loyihaga aylantirishga tayyor.
Eslatib oʻtamiz, 2024-yil 26-iyun kuni kichik quvvatli atom elektr stansiyasi maydonida qurilish shartnomasi kuchga kirishi toʻgʻrisidagi bayonnoma imzolandi. Tomonlar hududni koʻzdan kechirdilar.
Atom elektr stansiyasida avariya yuz bersa, qaysi shaharlar xavf ostida qolishi mumkinligi haqidagi savolga Amanov butun dunyoda atom stansiyalari aholi zich joylashgan shaharlardan uzoqda qurilishini aytdi.