2023-yilda korrupsionerlarning atigi 20 foizi qamoq jazosiga hukm qilindi, qolganlari esa ozodlikda qoldi

O‘zbekiston

2023-yilda Oʻzbekistonda 1300 ga yaqin kishi pora olayotganda qoʻlga olingan. Korrupsiyada aybdor deb topilgan 6535 nafar davlat xizmatchisining atigi 20 foizi ozodlikdan mahrum etish jazosini olgan. Qolganlari axloq tuzatish ishlari bilan qutilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi 2023-yil uchun “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Milliy hisobotni eʼlon qildi.

Hisobotga koʻra, 2023-yilda respublikada korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar uchun 6535 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan. Bu 2022-yilda 7414 kishi sudlanganiga nisbatan 879 kishiga (yoki 12 foizga) kamdir.

Sudlar 4128 ta korrupsiya ishi boʻyicha ayblov hukmi chiqargan. Bu 2022-yilga nisbatan 479 taga (yoki 10 foizga) kamroqdir.

Korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikka tortilgan 6535 nafar shaxsning 1299 nafari (20%) ozodlikdan mahrum qilish jazosiga, 2721 nafari (42%) axloq tuzatish ishlariga, 1076 nafari ozodlikni cheklash jazosiga, 982 nafari jarimaga, 21 nafari majburiy jamoat ishlariga hukm qilingan, 227 nafari jazosiz qolgan, 149 nafari esa jazodan ozod etilgan.

Korrupsiyaviy jinoyatlar natijasida davlat manfaatlariga 1,4 trillion soʻm zarar yetkazilgan. Ushbu mablagʻning 745 milliard soʻmi (51 foizga yaqini) undirib olingan.

Eng katta zarar Andijon viloyatida — 243 milliard soʻm, Namangan viloyatida — 194 milliard soʻm, Qashqadaryo viloyatida — 143 milliard soʻm, Toshkent viloyatida — 132 milliard soʻm miqdorida qayd etilgan.

Korrupsiyaga oid jinoyatlarning eng koʻp soni quyidagi sohalarda aniqlangan:

  • Maktabgacha va maktab taʼlimi,

  • Bank sohasi,

  • Sogʻliqni saqlash,

  • Mahalliy hokimiyat organlari,

  • Huquqni muhofaza qiluvchi organlar.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.