Bislan Rasayev va Shamil Temirxonov Allamjonovga suiqasd uyushtirish ishi boʻyicha qidiruvga eʼlon qilindi. Bu haqda “Взгляд.uz” manbasiga maʼlum boʻldi.
Xabarlarga koʻra, Oʻzbekiston Interpol orqali Prezident Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga suiqasd uyushtirishda gumon qilinayotgan Chechenistonning ikki fuqarosi — 36 yoshli Bislan Rasayev va 31 yoshli Shamil Temirxonovni xalqaro qidiruvga berdi.
Rasayev va Temirxonov Oʻzbekistonga turli yoʻllar bilan kirib kelishgan: biri Oʻzbekiston-Qirgʻiziston chegarasini noqonuniy kesib oʻtgan, ikkinchisi “Doʻstlik” nazorat-oʻtkazish punkti orqali kirgan. Tergov organlarining taʼkidlashicha, ikkala shaxs ham buyurtmachilarning koʻrsatmasi asosida harakat qilgan. Buyurtmachilar Allamjonov va Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) rahbari Dmitriy Lini oʻldirish evaziga ularga 1,5 million dollar vaʼda qilishgan.
Rasayev va Temirxonovga qoʻyilgan ayblovlar quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
Chegarani noqonuniy kesib oʻtish (Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 223-moddasi) - bu ayb tergovning taxminiga koʻra, mahalliy yordamchilar koʻmagida Qirgʻiziston bilan chegarani noqonuniy kesib oʻtgan Rasayevga tegishli.
Kontrabanda (OʻzR JK 246-moddasi) — Rasayev jinoyatni tayyorlash uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan tovarlar yoki buyumlarni noqonuniy olib oʻtishda ishtirok etgan, deb taxmin qilinmoqda.
Qurolni qonunga xilof ravishda saqlash va muomalaga kiritish (OʻzR JK 248-moddasi) — tergovning taʼkidlashicha, gumonlanuvchilarda suiqasd uchun moʻljallangan qurol boʻlgan.
Jinoyat haqida xabar bermaslik va uni yashirish (OʻzR JK 241-moddasi) — ikkala ayblanuvchi ham tayyorlanayotgan jinoyat haqida xabar bermaganlikda, balki uni tashkil etishda ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
Taʼkidlash joizki, bu maʼlumotlar rasman tasdiqlanmagan. Rasmiy idoralar hozircha vaziyat yuzasidan izoh bermadi.
Eslatib oʻtamiz, 26-oktyabr kuni Oʻzbekiston prokuraturasi mamlakatning Toshkent viloyatida ikki nomaʼlum shaxs Range Rover rusumli avtomobilni oʻqqa tutgani haqida xabar bergan edi. Avtomobilda Oʻzbekiston prezidenti maʼmuriyati axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov boʻlgan.
Keyinchalik matbuotda qandaydir “chechen izi” haqida mish-mishlar tarqalgandi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Oʻzbekistonda sobiq amaldor oʻtirgan avtomobilni oʻqqa tutishdagi “chechen izi” haqidagi bayonotlarni asossiz deb atagan.