Toshkent viloyati Zangiota tumanida joylashgan 21-sonli ayollar koloniyasiga inson huquqlari boʻyicha kitoblar va tarqatma materiallar topshirildi.
Aksiya Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, YXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori va IIV Jazoni ijro etish departamenti tomonidan tashkil etildi.
Uning maqsadi mahkum ayollarning taʼlim va huquqiy adabiyotlardan foydalanishini taʼminlash, shuningdek, saqlashning sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaxshilashdan iborat edi.
Mahkuma ayollarning taʼlimi va madaniy rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash uchun 600 dan ortiq kitoblar va “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali nashrlari topshirildi. Sanitariya sharoiti va shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniyatiga alohida eʼtibor qaratildi.
YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Antti Karttunen tashabbus “Gender tengligi boʻyicha milliy mexanizmni ilgari surishga koʻmaklashish” loyihasini qoʻllab-quvvatlashini va BMTning Xotin-qizlarga nisbatan kamsitishlarga barham berish boʻyicha qoʻmitasi tavsiyalarini amalga oshirishini taʼkidladi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi vakillarining taʼkidlashicha, bunday tadbirlar saqlash sharoitlarini insonparvarlashtirishga yordam beradi va mahkumlarga toʻlaqonli hayotga qaytish imkoniyatini beradi.