Rossiya Federatsiyasi musulmonlari diniy boshqarmasi (MDB) ulamolar kengashi erning barcha xotinlariga adolatli va teng munosabatda boʻlishi sharti bilan Rossiya musulmonlariga toʻrttagacha diniy nikoh tuzishga ruxsat berganini maʼlum qildi. Bu haqda MDB raisi oʻrinbosari va Moskva muftiysi Ildar Alyautdinov “RIA Novosti”ga xabar berdi.
“Agar turmush oʻrtogʻi sogʻligʻi tufayli, reproduktiv yoshining tugashi yoki boshqa obyektiv sabablar, masalan, jinsiy nomuvofiqligi tufayli farzand koʻrishga qodir boʻlmasa, bunga yoʻl qoʻyiladi. Shuningdek, turmush oʻrtogʻining farzand koʻrishni istamasligi ham eʼtiborga olinadi”, — dedi u.
Diniy arbobning taʼkidlashicha, koʻp xotinlikka yoʻl qoʻyilishining asosiy sharti erning barcha xotinlariga adolatli va teng huquqli munosabatda boʻlishidir.
“Bu barcha xotinlarni teng moddiy taʼminlashda, ularning har biriga alohida uy-joy berishda, er barcha turmush oʻrtoqlari bilan kelishilgan holda belgilangan navbat boʻyicha teng vaqt oʻtkazishida namoyon boʻladi. Agar bu shartlarga rioya qilinmasa, erkak kishiga koʻp xotinli nikohga kirishga ruxsat berilmaydi”, — deya qoʻshimcha qildi muftiy.
Nikohda boʻlgan erkak ham oʻz xotiniga boshqa ayol bilan yangi nikoh tuzish niyati haqida xabar berishi kerak, dedi u.
“Xotin borligini yashirish mumkin emas. Agar u (ikkinchi xotin) bu haqda xabardor qilinmagan va bunga rozi boʻlishga tayyor boʻlmasa, oʻz nikohini (islom qoidalari boʻyicha nikoh) bekor qilishni talab qilishga haqli”, — deya qoʻshimcha qildi Alyautdinov.