Oʻzbekiston elchisi Ravshan Usmonov 2008-yildan buyon Buyuk Britaniyada Sharq rangtasviri va hunarmandchiligi, jumladan, amaliy sanʼat boʻyicha taʼlim dasturlarini olib borayotgan taniqli britaniyalik rassom Adam Uilyamson bilan uchrashdi. Uning dasturlarining asosiy jihatlaridan biri Oʻzbekistonning Samarqand, Toshkent, Buxoro va Xiva kabi tarixiy obyektlarining naqshlari va dekorativ-amaliy sanʼatini oʻrganish va ularni tasvirlash amaliyotidir.
Uilyamson “Qirollik sanʼat akademiyasi,” “V&A”, “Britaniya muzeyi” kabi muzeylar bilan ishlaydi, shuningdek, London va Kembrij universitetlarida dars beradi. Uchrashuv davomida u oʻzining taʼlim dasturlari haqida gapirib, xorijlik talabalarning Oʻzbekiston tarixiy yodgorliklari rangtasvirini oʻrganishda ishtirok etishiga qiziqish bildirdi.
Rassom Oʻzbekistonda sanʼat va madaniyat sohasidagi islohotlarni yuqori baholab, oʻzbek ustalari va sanʼatkorlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istagini bildirdi. Shuningdek, u 2025-yil oktyabr oyida Buyuk Britaniyaning 25 nafar ijodkor vakillaridan iborat delegatsiya bilan Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Uchrashuv yakunida ushbu sohalardagi hamkorlikni faollashtirishga kelishib olindi.