Krasnodar o‘lkasi qirg‘oqlarida o‘nta o‘lik delfin topildi. Ularning halok bo‘lishi tankerlar halokatidan so‘ng Qora dengizga mazut to‘kilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Bu haqda "Delfa" delfinlarni qutqarish ilmiy-ekologik markazi direktori Tatyana Beley TASS agentligiga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2024-yil 15-dekabrda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatdan boshlab 22-dekabrgacha o‘nta halok bo‘lgan azovka delfini qayd etilgan. Ularning nobud bo‘lishiga suvning neft mahsulotlari bilan ifloslanishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Beley ta’kidlashicha, neft to‘kilgan joydan taxminan 60-70 kilometr uzoqlikdagi Novorossiyskdagi Aleksino plyaji hududida ham azovka delfinlarining ommaviy qirg‘oqqa chiqishi kuzatilgan. Guvohlar sakkizta o‘lik delfinni topishgan, ulardan oltitasi qirg‘oqqa chiqib qolgan, ikkitasi esa suvda suzib yurgan. Ularning tanasida mazutdan zaharlanishning tashqi belgilari aniqlanmagan.
Mutaxassisning aytishicha, mintaqa qirg‘oqlarida bunday holatlar juda kam uchraydi, bu esa jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Novorossiyskda hayvonlarning nobud bo‘lishining aniq sabablarini aniqlash uchun namunalar olindi.
Ekspertlar delfinlar o‘limining ehtimoliy sabablaridan biri sifatida mazut bug‘lari bilan o‘tkir zaharlanishni ko‘rsatmoqdalar. Shuningdek, Beleyning tushuntirishicha, jabrlangan hayvonlar zaif holatda sezilarli masofani suzib o‘tishga qodir, shu sababli ularning halok bo‘lishi halokat zonasidan uzoqda qayd etilishi mumkin.