Jahon banki Xorazmda quyosh elektr stansiyasini qurish uchun 3,5 mln dollar ajratdi

O‘zbekiston

Jahon banki Xorazm viloyatida quyosh elektr stansiyasi qurilishini qo‘llab-quvvatladi. 3,5 million dollarlik bank kafolati orqali O‘zbekiston quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi quyosh stansiyasidan elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishini ta’minlaydi.

Jahon banki O‘zbekiston uchun bank kafolati sifatida 3,5 million dollar miqdorida mablag‘ ajratishni ma’qulladi. Ushbu mablag‘lar Xorazm viloyatida qurilishi boshlanadigan quvvati 100 MVt bo‘lgan yangi quyosh elektr stansiyasida ishlab chiqariladigan elektr energiyasini xarid qilish bo‘yicha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ davlat kompaniyasining to‘lov majburiyatlari bajarilishini ta’minlaydi. Loyihani Fransiyaning Voltalia kompaniyasi amalga oshirmoqda va obektni 2025-yil noyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

177 gektar maydonda joylashgan ushbu stansiya yiliga 240 gigavatt-soatdan ortiq qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqaradi. Bu 60 mingga yaqin xonadonni toza elektr energiyasi bilan ta’minlash va yiliga 230 ming tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.

Loyiha mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini oshirish yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. O‘zbekiston 2030-yilga borib ularning umumiy quvvatini 25 GVtga yetkazishni rejalashtirmoqda, bu iste’mol qilinadigan elektr energiyasining umumiy hajmining 40 foizini tashkil etadi.

Moliyalashtirish, shuningdek, 80 million dollarlik qo‘shimcha investisiyalarni, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YTTB) 54 million dollardan ortiq mablag‘larini jalb qildi.

Stansiya Voltalia sho‘ba korxonasi — Sarimay Foreign Enterprise LLC tomonidan quriladi va boshqariladi. Elektr energiyasi 25 yil davomida tuzilgan shartnomaga muvofiq “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga sotiladi.

Jahon banki vakillari loyiha O‘zbekistonning qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish va sohaga xususiy investorlarni jalb qilish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bundan tashqari, Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) moliyaviy va maslahat resurslari bilan mamlakatga quyosh va shamol energetikasi quvvatlarini yaratishda yordam berishni davom ettirmoqda.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.