Tramp nima uchun Ilon Mask AQSH prezidenti bo‘lmasligini aytdi

Dunyo

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Ilon Maskni bo‘lajak prezidentlikka nomzod sifatida qo‘rqmasligini ma’lum qildi. “Bunday bo‘lishi mumkin emas, men xavfsizman”, — dedi Tramp.

Foto: CNBC

Amerika Qo‘shma Shtatlarining saylangan prezidenti Donald Tramp tadbirkor Ilon Maskning uni hokimiyatdan mahrum qilishidan xavotirda emas. Chunki, qonunchilikka ko‘ra, AQSHdan tashqarida tug‘ilgan fuqaro mamlakat prezidenti lavozimini egallashi mumkin emas. Bu haqda Tramp Arizona shtatining Finiks shahrida bo‘lib o‘tgan AmericaFest konferensiyasida ma’lum qildi.

“Yo‘q, bunday bo‘lmaydi. U prezident bo‘lmaydi, men xavfsizman. Bilasizmi, nega u [AQSH prezidenti] bo‘la olmaydi? U bu mamlakatda tug‘ilmagan”, — dedi Tramp.

Ilon Mask 1971-yilda Pretoriyada (JAR) tug‘ilgan, maktabni tugatgandan so‘ng Kanadaga, keyinroq esa AQSHga ko‘chib o‘tgan. Amerika Konstitutsiyasiga ko‘ra, AQSHdan tashqarida tug‘ilgan fuqarolar prezidentlikka nomzodini ilgari surishi mumkin emas.

Saylov jarayoni yakunlangach, Tramp Mask va biznesmen Vivek Ramasvamiyni davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish uchun mas’ul bo‘lgan yangi departamentga rahbarlik lavozimlariga tayinladi. Bu hodisa yadro quroli yaratilishi bilan taqqoslandi.

NBC telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning atrofidagilar Maskning doimiy ishtirokidan charchaganliklarini bildira boshlagan. Ular o‘zini prezidentdek tutishini ta’kidlashdi.

Trampning so‘zlariga ko‘ra, yangi departament hukumatdan tashqarida maslahatlar va rahbarlikni taqdim etadi. U keng ko‘lamli tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va boshqaruvning innovasion tadbirkorlik yondashuvini joriy etish uchun Oq uy va uning ma’muriy-byudjet boshqarmasi bilan hamkorlik qiladi.

Dunyodagi eng boy odam bo‘lgan Ilon Mask Trampning saylovoldi kampaniyasi uchun 152 million dollardan ortiq xayriya qildi va uning mitinglarida faol ishtirok etdi. Bu yil Mask SpaceX kompaniyasi umumiy qiymati 3,6 milliard dollarlik davlat shartnomalarini oldi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.