Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) O‘zbekistonda elektr uzatish liniyasi (EUL) qurilishi uchun 66,4 mln dollar miqdorida kredit ajratadi, deb xabar qildi moliya instituti matbuot xizmati.
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi qarz oluvchi hisoblanadi.
Elektr uzatish tarmog‘i uzunligi 230 km bo‘lib, Xorazm viloyatidagi Sarimoy va Navoiy viloyatidagi Muruntov aholi punktlarini bog‘laydi. Loyiha elektr ta’minotida uzilishlar sonini qisqartirishga imkon berishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, elektr uzatish liniyalarining qurilishi O‘zbekistonning uglerod izini kamaytirish bo‘yicha rejalariga muvofiq qayta tiklanadigan energiya manbalarini integratsiya qilishga yordam beradi.