Surxondaryo viloyatida qiymati 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan 750 ming qutiga yaqin sigareta yo‘q qilindi. Bu ko‘rsatkich bojxona tarixidagi rekord ko‘rsatkich bo‘ldi, deb xabar beradi Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda Termiz tumanidagi korxonalardan birida 750 mingga yaqin sigaret qutilari maxsus uskunada maydalab yo‘q qilindi. Tadbirda ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Ma’lum qilinishicha, guvohlar ishtirokida yo‘q qilingan 749 900 quti sigareta avvalroq viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan operatsiya davomida topilgan. Dastlabki kelishuvga erishgan bir guruh shaxslar noqonuniy tovarni chegara orqali O‘zbekiston hududiga olib kirishga uringan. Ma’lum bo‘lishicha, qiymati 10,2 mlrd so‘mlik sigaretalar xorijda ishlab chiqarilgan va respublika hududiga olib kirish paytida ularning yaroqlilik muddati allaqachon tugagan.
“Ushbu tamaki mahsulotlari qadog‘ida sigaretning inson sog‘lig‘iga salbiy ta’siri to‘g‘risidagi axborotlar - tibbiy ogohlantirish hamda raqamli markirovka kodlari mavjud emas. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining aksiz markalari bilan qadoqlanmagan. Ayni shu jihatlari bilan bugungi tadbirda yo‘q qilingan sigaretlar sifatsiz va kontrafakt hisoblanadi”, — deya qo‘shimcha qildi qo‘mita.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Sherobod tuman sudining qaroriga ko‘ra, ushbu jinoyatda aybdor deb topilgan shaxs 5 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Ashyoviy dalil sifatida vaqtincha saqlash uchun olib qo‘yilgan kontrabanda esa yo‘q qilinishi kerak.
Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda 2023-2024-yillar davomida qiymati 55,5 mlrd so‘mlik 3,2 mln qadoq tamaki mahsulotlarining bojxona chegaralari orqali noqonuniy olib o‘tilishi va mamlakat ichida noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq 117 ta bojxona qoidabuzarliklari aniqlanib, ularga chek qo‘yildi.