Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo hajmi 3,3 foizga qisqardi

Dunyo

Xitoyning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tovar aylanmasi 2024-yilning yanvar-noyabr oylarida 85,58 milliard dollarga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 5,9 foiz o‘sdi. Eng yuqori o‘sish Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan savdoda kuzatildi, O‘zbekiston va Tojikiston bilan esa ko‘rsatkichlar pasaydi.

Foto: gov.kg

2024-yilning yanvar-noyabr oylari mobaynida Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi tovar aylanmasi 2023-yilning shu davriga nisbatan 5,9 foizga ko‘payib, 85,58 milliard dollarga yetdi. Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, eng katta o‘sishni Qozog‘iston (+8,7%, 40,07 mlrd dollar) va Qirg‘iziston (+11%, 19,86 mlrd dollar) bilan savdo ko‘rsatdi. Turkmaniston bilan savdoda esa oz miqdorda o‘sish qayd etildi (+0,4%, 9,76 mlrd dollar).

Biroq, O‘zbekiston (-3,3%, 12,34 mlrd dollar) va Tojikiston (-1,6%, 3,55 mlrd dollar) bilan savdo hajmi kamaydi.

Xitoyning mintaqa mamlakatlariga eksporti 5,3 foizga (58,32 mlrd dollar) oshdi, Markaziy Osiyodan import esa 7 foizga ko‘payib, 27,3 mlrd dollarni tashkil etdi. Natijada Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan savdodagi salbiy saldosi 31,05 mlrd dollarga yetdi (o‘tgan yilga nisbatan 3,9% ko‘p).

Turkmaniston mintaqada ijobiy saldoga ega bo‘lgan yagona davlat bo‘lib qolmoqda: uning Xitoyga eksporti 8,86 milliard dollarni (+0,1%), Xitoy mahsulotlari importi esa 898,5 million dollarni (+3%) tashkil etdi.

Ta’kidlash joizki, 2023-yilda XXR va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi savdo aylanmasi ham sezilarli darajada — 27 foizga o‘sib, 89,4 milliard dollarga yetgandi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.