Oliy Majlis palatalari kengashlari payshanba kuni bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisda 2022-yil iyul oyida Nukus shahrida sodir bo‘lgan voqea va faktlarni o‘rganish bo‘yicha komissiya hisobotini eshitdi.
Komissiya Ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligida tuzilgan bo‘lib, 14 nafar deputat, senator, nodavlat tashkilotlar va jamoatchilik vakillaridan iborat edi.
Komissiya Qoraqalpog‘istondagi voqealarning sabablari, xronologiyasi va oqibatlarini, shuningdek, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning ommaviy tartibsizliklarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlarini baholadi. Shuningdek, voqea ishtirokchilari ishlari bo‘yicha sud majlislari ham kuzatuvga olingan, natijada komissiya iltimosnomasiga ko‘ra, 30 nafar ayblanuvchi sud zalidan ozod qilingan.
Shuningdek, ayblanuvchilar saqlanayotgan tergov hibsxonalari monitoringi o‘tkazildi hamda ushbu voqealardan keyin mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar kuzatildi.
Qayd etilganidek, komissiya faoliyati davomida fuqarolarning 600 dan ortiq murojaati ijobiy hal etildi. 50 dan ortiq davlat va nodavlat tashkilotlariga tashriflar davomida 590 nafar xodim va 334 nafar sobiq mahbuslar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Komissiya iltimosiga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida qamoqqa olingan 168 kishidan 107 nafari (shu jumladan, 2 nafar ayol) oilalariga qaytarildi.
Komissiya, shuningdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi, boshqa xalqaro va nodavlat tashkilotlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik qildi.
Ma’lum qilinishicha, sodir etgan huquqbuzarliklari uchun 943 kishi ogohlantirilgan, 6 135 kishi jarimaga tortilgan, 2639 kishi ma’muriy qamoqqa olingan, 61 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan. Tartibsizliklardan ko‘rilgan moddiy zararning umumiy miqdori 6,8 mlrd so‘mni tashkil etgan.
Tartibsizliklar paytida 21 kishi, shu jumladan 2 nafar huquq-tartibot idoralari xodimi halok bo‘ldi, 413 kishi (shundan 183 nafari huquq-tartibot idoralari xodimlari) jarohat oldi.
Xalqaro tajribaga muvofiq tartibsizliklar ishtirokchilarini tarqatib yuborish uchun maxsus vositalar, masalan, suv idishlari, rangli suyuqliklar va ko‘z yosh oqizuvchi gazli granatalar ishlatilgan.
“Ayblanuvchilar, gumon qilinuvchilar va sudlanuvchilarning huquqlari, shu jumladan advokatlik yordami, tibbiy xizmat ko‘rsatish va sud qarorlari ustidan shikoyat qilish imkoniyati to‘liq ta’minlandi. Barcha sud jarayonlari ochiq va oshkora o‘tkazildi. Tartibsizliklarni bartaraf etish jarayonida inson huquqlarini buzgani uchun 3 nafar ichki ishlar xodimi jinoiy javobgarlikka tortildi”, — deyiladi xabarda.
Kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun komissiya O‘zbekiston davlat organlari uchun bir qator tavsiyalar berdi. Xususan:
jamoatchilik muhokamasi bosqichida davlat va jamiyatga daxldor muhim qarorlardan fuqarolarni to‘liq xabardor qilishni tashkil etish;
muhim qarorlarni tayyorlash va qabul qilish jarayonida dezinformatsiyaga tezkor munosabat bildirish tizimini ishlab chiqish;
o‘z ijtimoiy faolligini amalga oshirishda jamoat tartibiga rioya etish muhimligini fuqarolarga tushuntirish;
odamlar gavjum joylarda jamoat xavfsizligiga tahdidlarning oldini olish uchun profilaktika choralarini ko‘rish;
yetakchi xorijiy mamlakatlar tajribasi asosida tartibsizliklarni bartaraf etish uchun maxsus vositalarni qo‘llash bo‘yicha normativ hujjatlarni muntazam takomillashtirib borish.
Hisobotni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha Oliy Majlis palatalari Kengashlarining tegishli qarori qabul qilindi.