Qozog‘iston senati rahbari Maulen Ashimbayev Bokudan Grozniyga ketayotgan va Aktau yaqinida halokatga uchragan “Azerbaijan Airlines” samolyoti halokati haqida gapirdi.
“Hozir biz samolyotga nima sabab bo‘lganini va u qanday jarohat olganini bilmaymiz. Maxsus komissiya tekshiruv o‘tkazadi. Unda Qozog‘iston, Ozarbayjon va Rossiyaning tegishli tuzilmalari vakillari ishtirok etmoqda. Mutaxassislarimiz ham ushbu mamlakatlardagi hamkasblari bilan birgalikda ishlamoqda. Suratlar asosida xulosa chiqarish — bu spekulyasiya va asossiz bayonotlar”, — dedi Ashimbayev senat kuluarlarida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaziyatda bunday fikrlarni tarqatish noto‘g‘ri va odobdan emas. Spikerning ta’kidlashicha, bunday e’lonlar ba’zi shaxslar foyda olishni, shu jumladan, e’tiborni o‘ziga qaratishni xohlayotganini ko‘rsatishi mumkin.
“Komissiya va mutaxassislar ishlamoqda, ekspertlar hamma narsani o‘rganmoqda. Ular o‘z xulosalarini chiqaradilar. Albatta, bu mamlakatlardan hech biri - Ozarbayjon ham, Rossiya ham, Qozog‘iston ham ma’lumotni yashirishdan manfaatdor emas. Barcha ma’lumotlar e’lon qilinadi. Hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak. Mutaxassislarga xulosalar chiqarish va fuqarolarga yetkazish imkoniyatini berish kerak”, — dedi Ashimbayev.
25-dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchayotgan samolyot Aktau shahridan bir necha kilometr uzoqlikda halokatga uchradi. Samolyot bortida Ozarbayjon, Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘istondan kelgan 62 nafar yo‘lovchi, shuningdek, besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. 38 kishi halok bo‘ldi, 29 kishi tirik qoldi, shu jumladan ekipajning uch a’zosi. Jarohatlanganlarning 11 nafari og‘ir ahvolda.
Qozog‘iston polisiya departamenti tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qozog‘iston hukumati halokat sabablarini o‘rganish uchun komissiya tuzdi. Joylardagi tadqiqotlar Ozarbayjon aviatsiya ma’muriyati bilan hamkorlikda olib borilmoqda.