O‘zbekiston tashuvchilariga Kaspiy — Qora dengiz yangi xalqaro transport yo‘lagiga kirish huquqi beriladi. Bu haqda Ruminiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kristian Chobana Trend nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Ruminiya orqali o‘tadigan yo‘nalish O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropaga eksport qilish uchun qulay logistika yechimi bo‘ladi. Yuklarni tashish Qora dengizdagi Konstansa porti orqali amalga oshiriladi, tovarlarning bir qismi esa Do‘nay daryosi orqali mintaqaning boshqa mamlakatlariga yuboriladi.
Elchining ta’kidlashicha, yangi transport yo‘lagi yuklarni yetkazib berish vaqtini qisqartirish va narxini pasaytirish imkonini beradi.
Avvalroq, 2024-yil boshida O‘zbekiston va Ruminiya yuk tashishni liberallashtirishga kelishib olgan edi. Birinchi yarim yillikda mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga oshib, 42 million dollarga yetdi.