Bugun, 27-dekabr kuni Jalolobod shahridagi Tosh-Kutchu qishlog‘ida strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qirg‘iziston, Xitoy va O‘zbekiston rasmiy delegatsiyalari ishtirok etdi.
Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti Sadir Japarov qurilishning boshlanishini mintaqa transport infratuzilmasida yangi davrni ochadigan tarixiy voqea deb atadi. U o‘z nutqida magistral Yevrosiyo qit’a ko‘priklarining janubiy bo‘g‘iniga aylanib, Janubi-Sharqiy, Gʻarbiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlariga chiqishini ta’minlab berishini ta’kidladi. Japarov loyiha uch mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik va farovonlik ramziga aylanishiga ishonch bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev marosim ishtirokchilariga murojaatida temir yo‘lning xalqaro ahamiyatini alohida ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, magistral Markaziy Osiyoni Xitoy bilan eng qisqa yo‘l bilan bog‘laydi, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va strategik sheriklikni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l yo‘lagi mintaqada transport aloqalarini kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. U Xitoydan Markaziy Osiyo, Turkiya, Yaqin Sharq mamlakatlari va Yevropa Ittifoqiga yuklarni yetkazib berishni ta’minlaydi.
Yangi yo‘nalish yuklarni tashish muddati va masofasini sezilarli darajada qisqartirishi, iqtisodiy faollikni oshirishi, ish o‘rinlarini yaratishi va mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashi kutilmoqda.
“Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishi bir necha yillardan beri muhokama qilinmoqda. 2024-yil 22-yanvarda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov infratuzilma loyihasi 35−40 yildan keyin o‘zini oqlashini va Markaziy Osiyoga Xitoy tovarlari uchun tranzit xabga aylanishiga imkon berishini aytgandi.