Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevga Rossiya havo hududida Azerbaijan Airlines (AZAL) aviakompaniyasi samolyoti halokatga uchragani munosabati bilan hamdardlik bildirdi. Bu haqda Kreml rasmiy saytida xabar berilgan.
Ozarbayjon rahbari bilan telefon orqali muloqot chog‘ida Vladimir Putin AZAL samolyoti Grozniy aeroportiga bir necha bor qo‘nishga uringanini ta’kidladi. Bu vaqtda Grozniy, Mozdok va Vladikavkazda Ukraina jangovar dronlarining hujumlari qayd etildi, ular Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan muvaffaqiyatli qaytarildi.
Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 263-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, unda havo transporti harakati va undan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilangan.
Ayni paytda Grozniyda Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokuraturasining ikki xodimi ishlamoqda, ular Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi va Bosh prokuraturasi vakillari bilan hamkorlik qilmoqda.