“U yashil shahar bo‘ladi”: Mirziyoyev qurilayotgan Yangi Toshkentga tashrif buyurdi

O‘zbekiston

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish loyihalari bilan tanishmoqda. U yerda “yashil belbog‘” loyihasini amalga oshirish boshlanadi — 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ tashkil etiladi, u yerda 200 ming tup daraxt ekiladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri qurilishi va obodonlashtirilishi rejalashtirilgan hududga tashrif buyurdi.

Ushbu yangi shaharga 2023 yil 18 mart kuni tamal toshi qo‘yilgan edi. Shu munosabat bilan o‘tgan marosimda davlatimiz rahbari u “yashil shahar” bo‘lishini aytgan edi. Bu havo va suv tozaligi, muqobil energiya manbalari, daraxtzorlar ko‘pligi kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.

“Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. 420 gektar maydonda Markaziy bog‘ barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi, dedi prezident.

Prezident tashrif buyurgan 50 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil etilgan. Prezident shu yerda bo‘lib, navnihollarni ko‘zdan kechirdi. Bo‘lajak daraxtzorlarning landshaft dizayni, sug‘orish va parvarishlash tizimi haqida ma’lumot berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hozirda keyinchalik ko‘chirib o‘tkazish uchun 27 ming tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekilgan. Shuningdek, issiqxona, qozonxona, ko‘chatlarni saqlash va sug‘orish tizimlari barpo etilgan.

Yangi shaharda tegishli vazirlik va idoralar ishini tashkil etish uchun vaqtinchalik ma’muriy binolar qurilmoqda. Prezidentimiz ulardagi sharoitlar bilan ham tanishdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Hozirda yengil konstruksiyalardan 4 ta bino va yordamchi inshootlar barpo etilgan. Bunda to‘liq mahalliy qurilish materiallaridan foydalanilgan. Ofislar open space uslubida bo‘lib, har birida 250 nafargacha xodim faoliyat yuritishi mumkin.

Bu vazirlik va idoralar ishini bosqichma-bosqich shu yerda tashkillashtirish imkonini berib, Toshkentdagi tirbandlikni kamaytirishga ham xizmat qiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.