O‘zbekiston musulmonlari idorasining ma’lum qilishicha, dabdabali to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, marhumlar xotirasiga bag‘ishlangan yig‘inlar, haj yoki umradan qaytgan ziyoratchilarning uchrashuvlari “jamiyatimizning jiddiy muammosiga aylandi”.
“Shu o‘rinda, ziyolilar, yoshi keksa otaxonu onaxonlar, nuroniylarga aytar so‘zimiz, keling, birgalikda yurtimiz aholisiga, ayniqsa, yuqoridagi kabi isrofgarchilik va dabdaba qilayotganlarga tushuntirish ishlarini ko‘paytiraylik, bu kabi illatlarga birgalikda barham beraylik. Alloh taolo ato etgan mol-dunyoni isrof qilish — katta gunoh, ekanini uqtiraylik!” — deyiladi xabarda.
Idora o‘z oldiga quyidagi yettita vazifani qo‘ydi:
Birinchi, ulamolar va imom-xatiblar “Xayru saxovat — qalblarga quvonch ulashadi” shiori ostida targ‘ibot-tashviqot ishlarini keng ko‘lamda amalga oshirish.
Ikkinchi, har bir markaziy masjid 5 tadan ehtiyojmand oilani otaliqqa olib, ularning farzandlarini o‘quv kurslarida o‘qitishi, kasb-hunarga o‘rgatishi va doimiy daromadga ega bo‘lishiga ko‘maklashish.
Uchinchi, har bir tuman-shahar bosh imom-xatiblari hududidagi kamida 1 ta maktabni homiylarni jalb etgan holda ta’mirlash ishlariga yordam ko‘rsatish.
To‘rtinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi Ijtimoiy himoya milliy agentligi bilan hamkorlikda mamlakatimiz bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar farzandlari bo‘lgan 200 nafar yoshni kasbga o‘rgatish va ish bilan band qilish.
Beshinchi, “Vaqf” xayriya jamoat fondi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bilan hamkorlikda jismoniy imkoniyati cheklangan bolalarga 50 dona sport aravachasi va boshqa reabilitatsiya vositalari olib berib, ularning davolanishlariga ko‘maklashish.
Oltinchi, masjid imom-xatiblari homiylarni jalb etgan holda “Mehribonlik”, “Saxovat”, “Muruvvat” uylariga va mehnat faxriylariga moddiy yordamlar ko‘rsatish ishlarini tashkil etish.
Yettinchi, imom-xatiblar tomonidan to‘y-ma’raka marosimlardagi isrofgarchilik, umra ziyoratidan qaytgandan keyin har xil xo‘jako‘rsin marosimlari uyushtirishdek illatlarning oldini olish yuzasidan targ‘ibot ishlarini amalga oshirish.