Bo‘stonliq tumanida 12-yanvargacha harakat bir tomonlama bo‘ladi

O‘zbekiston

31-dekabrdan 12-yanvarga qadar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlari — Amirsoy, Bildirsoy va Chimyonda transport harakati bir tomonlama tashkil etildi.

Bo‘stonliq tumanining tog‘li hududlarida yo‘lning ma’lum qismida harakat bir tomonlama bo‘ladi, deb xabar beradi viloyat IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi.

Qayd etilishicha, 2024-yil 31-dekabrdan 2025-yil 12-yanvarga qadar Bo‘stonliq tumanidagi dam olish maskanlariga tashrif buyuruvchilar oqimi oshishi kutilmoqda. Xavfsizlikni ta’minlash va tirbandliklarning oldini olish maqsadida Amirsoy, Bildirsoy va Chimyon kabi dam olish maskanlariga harakatlanish tartibga solinadi.

Rejaga ko‘ra, bir tomonlama harakat 4R6 Toshkent—Chirchiq—Chimyon avtomobil yo‘lining 57-kilometridan 92-kilometrgacha bo‘lgan qismida tashkil etiladi.

Bir tomonlama harakatlanadigan uchastkaning boshida 5.5 (“bir tomonlama harakatlanadigan yo‘l”), oxirida 5.6 (“bir tomonlama harakatlanadigan yo‘lning oxiri”) va kirish taqiqlangan uchastkalarda 3.1 (“kirish taqiqlangan”) belgilari o‘rnatiladi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.