Bir qator tovarlarni bojsiz import qilish yana bir yilga uzaytirildi

O‘zbekiston

Baliq, banan, qahva, qandolatchilik mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar va boshqa 60 turdagi mahsulotlarni bojsiz olib kirish tartibi 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi. Biroq parranda go‘shti importiga berilgan imtiyozlar uzaytirilmadi.

Foto: Vaziyatga oid / Julian Stratenschulte / Global Look Press

Prezident Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobatni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, prezidentning 31.05.2022 yildagi PF-145-son va 23.03.2023 yildagi PF-41-son farmonlari bilan ilgari joriy etilgan imtiyozning amal qilish muddati bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan tovarlar uchun 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.

Chora iste’mol bozorida narxlar barqarorligini saqlashga qaratilgan.

Yana bir yil davomida bojsiz olib kirish mumkin bo‘lgan tovarlar ro‘yxatiga baliq, sariyog‘, margarin, qaymoq, quyultirilgan sut, tuxum, banan, qahva, choy, un, yogurt, pishloq, tvorog, qandolat mahsulotlari, murabbo, alkogolsiz ichimliklar, sochlarni parvarish qilish vositalari, ba’zi gigiyena tovarlari va boshqalar kiradi.

Shuningdek, yangi yoki quritilgan xurmo, anjir, ananas, avokado, guava, mango, kokos, olma, nok, behi va boshqa mevalarni bojsiz import qilish davom ettiriladi.

Boshqa bir qaror doirasida o‘simlik moylari importiga bojxona bojining nol stavkasi ham 2026-yil 1-yanvarga qadar uzaytirildi.

Biroq parranda go‘shti importiga berilgan imtiyoz muddati uzaytirilmadi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.