Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda palovning o‘rtacha narxi taxminan 15,6 foizga oshdi.
2023-yilning dekabridan 2024-yilning dekabrigacha ushbu taomning bir porsiyasi uchun o‘rtacha narxi 24 978 so‘mdan 28 885 so‘mgacha ko‘tarildi. Eslatma: bu yerda hududlarning og‘irligi (masalan, aholi soni yoki sotilgan palov porsiyasi) hisobga olinmaydi, balki shunchaki o‘rtacha arifmetik hisoblanadi. Ma’lumotlar salmog‘ini hisobga olgan holda ko‘rsatkich har bir hududning hissasiga qarab farq qilishi mumkin.
Hududlar kesimida palov porsiyasi narxlarining eng yuqori o‘sish dinamikasi Andijonda qayd etildi - 28,9%. Shu bilan birga, Sirdaryoda narxlar atigi 2,1 foizga oshdi.
2024-yil dekabr oyida palovning hududlar bo‘yicha o‘rtacha narxlari quyidagicha shakllandi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi - 25 700 so‘m;
Andijon viloyati - 31 200 so‘m;
Buxoro viloyati - 33 700 so‘m;
Jizzax viloyati - 28 800 so‘m;
Qashqadaryo viloyati - 30 700 so‘m;
Navoiy viloyati - 26 800 so‘m;
Namangan viloyati - 22 200 so‘m;
Samarqand viloyati - 30 500 so‘m;
Surxondaryo viloyati - 28 600 so‘m;
Sirdaryo viloyati - 25 700 so‘m;
Toshkent viloyati - 27 300 so‘m;
Farg‘ona viloyati - 26 600 so‘m;
Xorazm viloyati - 30 900 so‘m.
Palov indeksi — bu bigmak indeksi va olivye indeksining analogi. Ushbu ko‘rsatkich oziq-ovqat mahsulotlari narxlari qanday o‘zgarishini tushunishga yordam beradi, shuningdek, xarid qobiliyati paritetini (XQP) aniqlashning norasmiy usuli hisoblanadi.
Statistika agentligi mamlakatdagi eng mashhur taomning tarkibiy qismlari asosida palov indeksi uchun ma’lumotlarni tayyorlaydi. Buning uchun barcha viloyat markazlarida joylashgan yirik umumiy ovqatlanish korxonalarida, shu jumladan "O‘sh markazi"da 1 kg palov uchun masalliqlar ro‘yxati hamda ularning narxi bo‘yicha ma’lumotlar shakllantiriladi.