O‘zbekistonda 2028-yilgacha QQS va foyda solig‘i oshirilmaydi

O‘zbekiston

O‘zbekistonda 2028-yil 1-yanvarga qadar foyda solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) stavkalari oshirilmaydi.

Prezidentning “Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2028-yilgacha QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmaydi.

Bu haqda 20 dekabr kuni davlat rahbarining yetakchi tadbirkorlar bilan muloqoti yakunlari bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Soliq stavkalarini muzlatish biznesni qo‘llab-quvvatlash, adolatli raqobat uchun sharoitlarni ta’minlash va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan.

Hozirda foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foizni tashkil etadi. Respublika rezidentlari dividendlar olish uchun 5 foiz soliq to‘laydi.

Chet el fuqarolari va kompaniyalari uchun foyda solig‘i yuqori. O‘zbekistonda QQS stavkasi — 12 foiz. Ushbu soliqning nol stavkasi ayrim kommunal xizmatlar va eksport operatsiyalari uchun amal qiladi.

2025-yil 1-yanvardan 2028-yil 1-yanvargacha bo‘lgan davrda tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiruvchi hamda bir vaqtning o‘zida quyidagi barcha shartlarga rioya etadigan tadbirkorlik subyektlari uchun foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz miqdorida belgilanadi.

2025 yil 1 apreldan boshlab farmatsevtika mahsulotlarini sotish yoki tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar daromadlaridan qat’i nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.

Tashqi moliya bozorlariga chiqishda tadbirkorlarga ko‘maklashish markazi tashkil etiladi.

Markaz tadbirkorlik subyektlariga xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlarining mablag‘larini davlat kafolatisiz jalb etish bo‘yicha konsalting xizmatlari ko‘rsatadi.

2025-yilda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun “Savdo-sotiqni rivojlantirish kompaniyasi” AJga (Kompaniya) 100 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.

2025 yil 1 yanvardan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini maxsus idishga kalibrlash va qadoqlash loyihalari hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun Kompaniyaning resurslari hisobidan tijorat banklari orqali milliy valyutada revolver kreditlar ajratiladi.

2025-yil 1-yanvardan:

O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqiladigan har bir kilogramm ip-kalava uchun yig‘im miqdori uning eksport narxining 2 foizi miqdorida, biroq 0,05 AQSH dollaridan oshmaydigan miqdorda belgilanadi;

O‘zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali olib chiqilayotgan har bir kilogramm trikotaj matosi uchun yig‘im miqdori uning eksport narxining 1 foizi miqdorida belgilanadi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.