Erkin Madorbekovich Muhitdinov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Unga qadar Nizomiddin Bakirov 2017-yildan buyon ushbu lavozimda ishlab kelayotgan edi.
Bir oy oldin, 2024-yil 2-dekabrda Muhitdinov Ekologiya vazirligining O‘rmon xo‘jaligi siyosati, bioxilma-xillik va ekoturizm boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Avvalroq, 2023 yil oktyabridan 2024 yil martiga qadar Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan, biroq qoniqarsiz ish natijalari uchun lavozimidan ozod etilgan. Bungacha u Ohangaron tumani hokimi bo‘lgan.
Erkin Muhitdinov 1976 yilda tug‘ilgan. Andijon davlat iqtisodiyot va boshqaruv institutini, Bank-moliya akademiyasini hamda Yaponiyaning IDEAS-JETRO institutini tamomlagan. Faoliyati davomida u bank tizimida, Vazirlar Mahkamasida, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida rahbarlik lavozimlarida ishlagan.