O‘zbekiston prezidenti halok bo‘lganlarning yaqinlariga va butun Amerika xalqiga hamdardlik bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Yangi Orlean shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida ko‘plab insonlar qurbon bo‘lgani munosabati bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Jozef Baydenga hamdardlik bildirdi.
Prezident O‘zbekiston xalqi nomidan halok bo‘lganlarning oila a’zolari va yaqinlariga, butun Amerika xalqiga samimiy hamdardlik va dalda so‘zlarini izhor etdi, shuningdek, jarohat olganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
Eslatib o‘tamiz, Yangi yil arafasida 42 yoshli Shamsud-Din Jabbor Yangi Orleanning eng gavjum ko‘chalaridan birida yo‘ltanlamas mashinasida odamlar orasiga kirib ketgan, shundan so‘ng mashinadan tushib, o‘q uzishni boshlagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujumda 14 kishi halok bo‘lgan, kamida 35 kishi yaralangan. Hujumchi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan.