Oliy Majlis Senatining rasmiy saytida ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyatida birorta ham avtomaktab litsenziyaga ega emas. Ilgari viloyatda 48 ta avtomaktab faoliyat yuritib, ular 2023-yilda 18 ming 641 nafar haydovchini tayyorlagan. Biroq litsenziyalash vakolati mahalliy organlardan Ichki ishlar vazirligiga (IIV) o‘tkazilgach, ularning faoliyati to‘xtatildi.
Shuningdek, viloyatda haydovchilik guvohnomasiga imtihon topshirish uchun avtodromlar faoliyati to‘xtatildi. Bunga Vazirlar Mahkamasining 2021 yildagi 272-sonli qarori va IIVning 2024 yildagi 27-sonli buyrug‘i talablariga javob bermaslik sabab bo‘lgan.
Shu sababli viloyat aholisi, jumladan, qayta imtihon topshiruvchilar ham qo‘shni Qashqadaryo viloyatiga murojaat qilishga majbur bo‘lib, aholi orasida norozilik kayfiyatlarini keltirib chiqarmoqda.
Senat qo‘mitasi IIVdan avtomaktablarni litsenziyalash, avtodromlarda qoidabuzarliklarni bartaraf etish va bolalar uchun yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha ta’lim dasturlarini joriy etishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot so‘radi. Idoraning javobi 14 yanvarga qadar kutilmoqda, shundan so‘ng natijalar Senat saytida e’lon qilinadi.