“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish va “yashil” iqtisodiyot yilida davlat dasturini amalga oshirish bo‘yicha prezident farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi.
Hujjatda keng jamoatchilik, xalqaro va mahalliy ekofaollar, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, shuningdek, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining takliflarini inobatga olgan holda bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2025-yil oxirigacha “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isidan foydalanish va sotishni cheklash uchun "barcha kuch va resurslarni safarbar qilish" taklif qilinmoqda.
Respublika bo‘ylab issiqlik va elektr energetika korxonalarida mazutdan yoqilg‘i sifatida foydalanishni taqiqlash belgilangan, Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan avariya holatlari bundan mustasno.
2025 yil 1 maydan boshlab Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida quyidagi yo‘nalishlarda yangi loyihalarni amalga oshirishni taqiqlash taklif etilmoqda:
asbest, sement, shlam va shlak ishlab chiqarish;
ko‘nchilik va parrandachilik fabrikalari;
agar obyektlar yuqori samarali chang-gaz tozalash qurilmalari bilan jihozlanmagan bo‘lsa, har qanday turdagi ko‘mirni yoqish;
qora va rangli metallurgiya zavodlari, zaharli komponentli shisha ishlab chiqarish, zaharli kimyoviy moddalar bilan ishlash;
I va II xavflilik sinflariga mansub chiqindilarni qayta ishlash va yoqish korxonalari.
Prezident farmoni loyihasining jamoatchilik muhokamasi 22 yanvarga qadar davom etadi.