Ko‘p qavatli uylar qurilishida avtoturargohlar majburiy bo‘ladi

O‘zbekiston

2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, ko‘p qavatli uylarda yer osti avtoturargohlari, oqova va yomg‘ir suvlaridan foydalanadigan sug‘orish tizimlari, shuningdek, energiyani tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash majburiy bo‘ladi. Bundan tashqari, xavfsizlikni oshirish maqsadida binolarning suv va issiqlik izolyatsiyasini yaxshilash hamda is gazi datchiklari o‘rnatish choralari ko‘zda tutilgan.

Foto: “Взгляд.uz”

O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylar uchun yangi qurilish standartlarini joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan 2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturi loyihasida ko‘rsatilgan.

Sentyabr oyigacha turar-joy binolarini qurish va foydalanishga topshirish loyihalariga yer osti avtoturargohlarini kiritishni majburiy qiladigan hujjatni ishlab chiqish rejalashtirilgan. Shuningdek, yer usti avtoturargohlarini barpo etish imkoniyati ham nazarda tutilgan.

Yangiliklar orasida yomg‘ir, oqova va texnik suvlardan foydalanadigan sug‘orish tizimlarini joriy etish ham bor. Suvni tejash maqsadida sanitariya qurilmalari sarfini 3-6 litrgacha cheklash va suv sarfini kamaytiradigan aeratorli aralashtirgichlarni o‘rnatish taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, loyiha binolarning devorlarini bazalt materiallaridan foydalangan holda issiqlik izolyatsiyasini yaxshilashni, shuningdek, xonadon egalarining xavfsizligini oshirish uchun uylarni is gazi datchiklari bilan jihozlashni nazarda tutadi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.