O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakat prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 13-16 yanvar kunlari rasmiy tashrif bilan Birlashgan Arab Amirliklariga boradi.
Tashrif dasturidan Abu-Dabi va Dubaydagi muhim uchrashuv va tadbirlar o‘rin olgan. O‘zbekiston rahbari BAA poytaxtida prezident shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon bilan muzokaralar o‘tkazadi, muhim davlat tuzilmalari, yirik kompaniya va banklar vakillari bilan uchrashadi, shuningdek, “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” xalqaro sammitida ishtirok etadi.
Dubayda Shavkat Mirziyoyev BAA vitse-prezidenti, bosh vaziri va Dubay amiri shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan uchrashadi.
Asosiy e’tibor O‘zbekiston—BAA munosabatlari va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalariga qaratiladi. Investitsiyalar, yashil energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, innovatsiyalar, turizm va madaniy almashinuv sohalarida hamkorlik istiqbollari muhokama qilinadi. Shuningdek, kun tartibidan xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari o‘rin olgan.
Tashrif yakunida ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan qator bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.