Daniya hukumati AQSH prezidenti jamoasi a’zolariga shaxsiy maktublar yo‘lladi. Ular Grenlandiyada amerikaliklarning harbiy ishtirokini kuchaytirish masalasini muhokama qilishga tayyor, deb xabar berdi Axios.
Daniya hukumati Trampni uning AQSH xavfsizligi borasidagi xavotirlari Grenlandiya ustidan nazoratni o‘tkazmasdan bartaraf etilishi mumkinligiga ishontirishga harakat qilmoqda. Ular, shuningdek, Oq uyning yangi ma’muriyati bilan ommaviy ziddiyatdan qochishga harakat qilishadi va uning maslahatchilaridan prezident o‘zining so‘nggi bayonotlarida nimani nazarda tutganini aniqlashtirishni so‘rashadi.
Yana bir yevropalik diplomat jurnalistlarga Daniya AQShning Yevropadagi eng yaqin ittifoqchilaridan biri bo‘lganligi sababli, hech kim ikki davlat o‘rtasida mojaro bo‘lishi mumkinligini taxmin qila olmaganini aytdi.
7 yanvar, seshanba kuni Tramp Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish niyatini yana bir bor e’lon qildi.
“Odamlar hatto Daniyaning bu orolga qonuniy huquqi bor-yo‘qligini ham bilmaydi. Ammo agar shunday bo‘lsa, ular undan voz kechishi kerak, chunki u bizga milliy xavfsizlikni ta’minlash va erkin dunyoni himoya qilish uchun kerak”, — dedi prezident.
Daniya, shuningdek, Donald Trampning orolni sotib olish niyati haqidagi bayonotlari tufayli yuzaga kelgan keskinlik fonida qirollik gerbini yangilab, unda Grenlandiya ramzini ajratib ko‘rsatdi.