Rossiya kompaniyasi o‘zbekistonlik ishchilardan 2,9 mlrd so‘m qarzdor

O‘zbekiston

“Dehqonobod kaliy” zavodi qurilishi bilan shug‘ullangan Rossiya kompaniyasi o‘zbekistonlik 279 nafar ishchining ish haqini to‘lamadi. Qarzdorlikning umumiy summasi 2,9 mlrd so‘mni tashkil etadi. Zavod rahbariyatining ta’kidlashicha, qarzlarni undirish jarayoni yakuniga yetmoqda va mablag‘larning bir qismi jabrlanuvchilarga to‘lab bo‘lingan.

Foto: “Dehqonobod kaliy” zavodi

“O‘zkimyosanoat” AJning ma’lum qilishicha, Qashqadaryo viloyatidagi “Dehqonobod kaliy” zavodi qurilishining bosh pudratchisi Rossiyaning “ЗУМК-Инжиниринг” MCHJ kompaniyasi O‘zbekiston tomoni tomonidan moliyaviy majburiyatlar o‘z vaqtida bajarilganiga qaramay, o‘zbekistonlik ishchilar oldida ish haqi bo‘yicha katta qarzdorlik to‘plagan.

“ЗУМК-Инжиниринг” MCHJ bilan tuzilgan shartnomada kon-boyitish majmuasi qurilishini yakunlash va uni 2014-yil dekabr oyida ishga tushirish ko‘zda tutilgan edi. Biroq moliyaviy qiyinchiliklar tufayli pudratchi ishni yakunlab, 279 nafar xodimga ish haqini to‘lay olmadi. 2018 yilda kompaniya Rossiya Federatsiyasi Arbitraj sudi tomonidan bankrot deb topilgan, bu esa qarzlarni undirish jarayonini qiyinlashtirgan.

To‘lanmagan ish haqi miqdori 2,9 mlrd so‘mni tashkil etadi. Jarayonni tezlashtirish uchun 2023-yilda White & Case xalqaro yuridik firmasi ishga qo‘shildi va 205 nafar ishchi o‘rtasida taqsimlangan 650 million so‘m to‘lanishiga erishdi.

2025-yil 10-yanvarda sobiq xodimlar qolgan to‘lovlarni olishda yordam so‘rab yana zavod rahbariyatiga murojaat qilishdi. Bunga javoban “Dehqonobod kaliy” boshqaruvi raisi uchrashuv o‘tkazib, sud jarayonlari bilan bog‘liq mavjud holatni tushuntirdi va qarzlarni undirish jarayoni yakunlanayotganiga ishontirdi. Korxona rahbariyati jabrlangan ishchilarga yordam ko‘rsatishda davom etishga tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.