Irkeshtom — O‘sh — O‘zbekiston yo‘nalishida transport-logistika markazi quriladi

O‘zbekiston

Qirg‘izistonda Irkeshtom — O‘sh — O‘zbekiston yo‘nalishida “Kokcho-Koz” transport-logistika markazi barpo etiladi. Majmua xalqaro standartlarga muvofiq bojxona rasmiylashtirish, yuklarni nazorat qilish va saqlash xizmatlarini taqdim etadi.

Qirg‘izistonda Irkeshtom — O‘sh — O‘zbekiston yo‘nalishida “Kokcho-Koz” transport-logistika markazi (TLM) qurilishi haqida Rossiya-Qirg‘iziston taraqqiyot jamg‘armasi (RQTJ) matbuot xizmati ma’lum qildi.

Majmua kuniga 700 tagacha yuk mashinasiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Jumladan, Xitoydan O‘zbekistonga va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga tranzit tashishlarni ham amalga oshiradi.

Logistika markazi xalqaro standartlarga muvofiq bojxona rasmiylashtirish, yuklarni nazorat qilish va saqlash xizmatlarini ko‘rsatadi.

“Kokcho-Koz” TLM maydoni 17 gektarni tashkil etadi. Qurilishning umumiy qiymati 12 million AQSH dollari miqdorida baholanmoqda, shundan 3,5 million dollarini RQTJ ajratgan. Logistika markazining ishga tushirilishi Qirg‘izistonning O‘sh viloyati aholisi uchun 100 ta yangi ish o‘rni yaratadi.

“Majmua qurilishi Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidagi “Do‘stlik” o‘tkazish punktidagi yuklanishni kamaytirish va O‘sh shahrida yuk avtomobillarining tirbandligini pasaytirish imkonini beradi. Bundan tashqari, bojxona tartib-qoidalarini raqamlashtirish Qirg‘iziston hududi bo‘ylab tranzit tashuvlarining shaffofligini oshiradi”, — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.