“Tolibon” siyosiy idorasi rahbari o‘rinbosari Muhammad Abbos Stanikzay Pokistonda ISHID (Xalqaro islomiy sunniy terrorchilik tashkiloti, O‘zbekiston hududida taqiqlangan) o‘quv markazlari mavjudligi haqida dalillar borligini aytdi. Siyosatchining fikricha, u yerda terrorchilarga harbiy anjomlar beriladi, o‘qitib, keyin Afg‘onistonga jang qilish uchun yuboriladi, deb yozadi mahalliy OAV.
“Bizda buning isboti bor va biz buni bir necha bor aytganmiz. ISHID hali ham biz bilan, ularning e’tiroflari va videolaridan ko‘rinib turibdiki, ular bizning qo‘shnilarimiz [Afg‘onistonga yaqin joyda joylashgan - tahr. izohi]. Afsuski, shuni aytishim kerakki, ularning Pokistonda bazalari bor, ular u yerda tayyorgarlikdan o‘tishadi, Pokiston askarlari ularni o‘qitadi va qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi, keyin esa Afg‘onistonga jo‘natadi. Lekin biz ularni tozalab, yo‘q qilib yubordik”, — dedi Stanikzay.
Bundan tashqari, 11-yanvar, shanba kuni Afg‘oniston muvaqqat hukumati vakili Pokiston armiyasining Kunar viloyatiga artilleriya hujumini qoralab, bu hujumlar Afg‘oniston-Pokiston munosabatlariga zarar yetkazishini va hech bir tomonning manfaatlariga javob bermasligini aytdi.
Zabihulla Mujohidning aytishicha, Kunarning ba’zi hududlarida artilleriya otishmalari bo‘lib, qurbonlar bo‘lgan.
“Biz Pokistonning bunday hujumlarini qoralaymiz va ularni zudlik bilan to‘xtatishga chaqiramiz”, — dedi Mujohid.
Pokiston armiyasi 10 yanvar, juma kuni Kunar provinsiyasidagi Sarkani shahri hududlarini artilleriya bilan o‘qqa tuta boshladi.