O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini qonuniylashtirish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ma’qullandi

O‘zbekiston

Parlament bukmekerlar, onlayn-kazinolar va lotereyalar faoliyatini tartibga soluvchi qonunni qabul qildi. Bozorda faoliyat yuritish uchun kompaniyalar ruxsatnoma olishlari va sezilarli miqdordagi ustav kapitalini ta’minlashlari zarur. Sohani nazorat qilish ILMA va Bosh prokuratura zimmasiga yuklatiladi.

Foto: pinterest

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari O‘zbekistonda qimor o‘yinlarini qonuniylashtirish bo‘yicha qonun loyihasini ma’qulladi, deb xabar berdi parlament matbuot xizmati.

Qonun loyihasi qimor o‘yinlariga mubtalo bo‘lgan fuqarolar reyestrini yaratish, shuningdek, onlayn-kazinolar, bukmekerlar va lotereyalar faoliyatini tartibga solishni nazarda tutadi. Deputatlarning fikricha, bu choralar mamlakatda qimor o‘yinlari tashkilotchilari ustidan nazorat o‘rnatishga ko‘maklashadi.

O‘tgan yilning dekabr oyida hukumat bukmekerlik kompaniyalarining faoliyat yuritish tartibini tasdiqlagan edi. O‘zbekiston bozoriga kirish uchun ruxsatnoma, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tish, shuningdek, 56 milliard so‘m miqdorida ustav kapitaliga ega bo‘lish talab etiladi.

Faoliyat yuritish uchun ruxsatnomalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) tomonidan beriladi. Tavakkalchilik bilan bog‘liq o‘yinlarda faqat voyaga yetgan shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston fuqarolari va chet elliklar ishtirok etishi mumkin.

Bukmekerlar va shunga o‘xshash tashkilotlar faoliyatini nazorat qilish ILMA va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuklatilgan.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.