2023-yilda hokimiyatni suiisteʼmol qilish va davlatga katta zarar yetkazishda ayblanib sudlangan Andijon tumanining sobiq hokimi Abdujabbor Egamberdiyev Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Andijon viloyati kengashi raisi lavozimiga saylandi.
U 2022-yil avgust oyida Andijon tumani hokimligi matbuot xizmati tomonidan hokim va hokimlikning boshqa vakillari shiyponda oʻtirgan, aholi esa ulardan bir necha metr pastda turgan yoki oʻtirgan qabullardan olingan fotosuratlar eʼlon qilinganidan keyin jamoatchilik orasida “qaygʻuli mashhurlik”ka erishgan edi.
Ushbu voqeadan soʻng Abdujabbor Egamberdiyev prezidentning 2022-yil 27-sentyabrdagi qarori bilan “fuqarolarga hurmatsizlik va davlat xizmatchisi odob-axloqini buzgani” uchun ishdan boʻshatilgan.
Keyinchalik, sudning 2023-yil 8-fevraldagi hukmiga koʻra, Egamberdiyev oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish sharti bilan 2 yil muddatga lavozim va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilib, 2 yilga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qilingan. Unga hokimiyatni suiisteʼmol qilishda, davlatga katta zarar yetkazishda ayb qoʻyildi.
2024-yil yanvar oyida sud qarori bilan Egamberdiyevning muddatidan oldin ozod qilish toʻgʻrisidagi arizasi qanoatlantirildi. Sud uni masʼul lavozimlarni egallash huquqidan mahrum qilish tariqasidagi qolgan qoʻshimcha jazo muddatidan (1 yildan ortiq) ozod qildi.