Turkiyada olti nafar o‘zbekistonlik alkogoldan zaharlanib vafot etdi

O‘zbekiston

Istanbulda olti nafar o‘zbekistonlik qalbaki spirtli ichimlik iste’mol qilgandan keyin zaharlanishdan vafot etdi. Jami 38 kishi zaharlangan, 11 kishi vafot etgan. Diplomatik missiya vatandoshlarni spirtli ichimliklarni iste’mol qilishdan tiyilishga chaqirdi.

Istanbulda qalbaki alkogolli ichimliklarni tayyorlash va tarqatishda ishtirok etgan Turkmanistonning ikki fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi xabar berdi.

So‘nggi sutkada Istanbulda qalbaki spirtli ichimliklarni iste’mol qilgandan so‘ng 38 kishi zaharlandi. Shifoxonaga murojaat qilganlarning 11 nafari vafot etgan.

Politsiya hodisani o‘rganish bo‘yicha keng ko‘lamli tekshiruv boshladi. Aniqlanishicha, tibbiy yordam so‘rab murojaat qilganlarning 26 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi.

Mazkur voqeaga aloqadorlikda ayblanayotgan Turkmanistonning ikki fuqarosi qo‘lga olinib, ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni paytda qalbaki alkogol tufayli halok bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari soni olti nafarga yetdi. Ular orasida besh erkak va bir ayol bor.

Mavzuga oid materiallar

Muhim yangiliklarni oʻtkazib yubormang!

Asosiy voqealardan birinchi boʻlib xabar topish uchun Telegram kanalimizga obuna boʻling.